“Yoshlar bilan ochiq muloqot — taraqqiyot va ishonch sari muhim qadam”.
Payshanba — Yoshlar kuni munosabati bilan “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida Boshqaruv raisining o‘rinbosari Nasirdinov Azimjon Shomahmudovich va yosh xodimlar ishtirokida ochiq muloqot hamda samimiy uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda jamiyatning 24 nafar yosh xodimlari, ijroiya apparati hamda hududiy filiallarda faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislar ishtirok etdi.
Mazkur uchrashuvning asosiy maqsadi yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy rivojlanishi uchun yanada qulay muhit yaratish hamda jamiyat faoliyatidagi o‘rnini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida rahbariyat tomonidan bugungi kunda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, sohani zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash va agrar tarmoq samaradorligini oshirishda yosh mutaxassislarning o‘rni tobora ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.
“Bugungi uchrashuvimiz yurtimiz taraqqiyotida muhim o‘rin tutayotgan sohalardan biri — qishloq xo‘jaligi va uning texnik modernizatsiyasida munosib hissa qo‘shayotgan siz, ‘O‘zagrolizing’ aksiyadorlik jamiyatida faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar bilan ochiq muloqot qilish maqsadida tashkil etilgani bilan ahamiyatlidir.”
Shuningdek, yoshlarning bilim va salohiyatiga yuqori baho berilib, tashkilot kelajagi aynan tashabbuskor, zamonaviy fikrlaydigan va mas’uliyatli yosh kadrlarga chambarchas bog‘liq ekani qayd etildi.
“Bugungi kunda har qanday tashkilotning kelajagi — bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, tashabbuskor yosh kadrlarga bog‘liq. Sizlarning intilishingiz va fidoyiligingiz ertangi taraqqiyotning eng muhim omilidir.”
Uchrashuv ochiq muloqot ruhida o‘tdi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va tashabbuslari bilan faol ishtirok etdi. Ayniqsa, yoshlarning kasbiy rivojlanishi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni oshirish, raqamlashtirish jarayonlari hamda jamoada sog‘lom korporativ muhitni shakllantirishga oid fikrlar qizg‘in muhokama qilindi.
Tadbir davomida yoshlar tomonidan bildirilgan mazmunli va dolzarb savollar ochiq muloqot muhitini yanada jonlantirdi. Ayniqsa, eng qiziqarli va innovatsion yondashuv asosida berilgan savol muallifi rahbariyat tomonidan alohida e’tirof etilib, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bu esa yoshlarning tashabbuskorligi, erkin fikrlashi va tashkilot hayotidagi faol ishtirokini rag‘batlantirishga xizmat qildi.
Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan mazkur uchrashuv yoshlarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, ular bilan ochiq muloqotni mustahkamlash hamda “O‘zagrolizing” AJda yoshlar siyosatini izchil davom ettirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
![]()




