John Deere kompaniyasi vakillari bilan rasmiy muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Kuni kecha “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati bosh ofisida qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqarishda dunyoda yetakchi hisoblangan AQShning John Deere kompaniyasi vakillari bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur muzokaralarda Jamiyat boshqaruvi raisining o‘rinbosari A. Nasirdinov, Jamiyatning qator yetuk mutaxassislari, shuningdek John Deere delegatsiyasi vakillari Lejko Csaba — John Deere Walldorf International GmbH kompaniyasi bosh direktori (CEO) hamda John Deere kompaniyasining MDH, Markaziy Osiyo va Turk mamlakatlari bo‘yicha Qishloq xo‘jaligi va Tuproq ishlov berish (Agriculture & Turf) yo‘nalishi prezidentlari ishtirok etdi. Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, qishloq xo‘jaligi texnikalari yetkazib berish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, mavjud aloqalarni mustahkamlash yuzasidan fikr almashdilar.
Xususan, John Deere kompaniyasining zamonaviy paxta terish mashinalarini lizing asosida mamlakatimizga yetkazib berish, ularni maqsadli hududlarga yo‘naltirish, servis xizmati va ehtiyot qismlar bilan ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, texnikalarni moliyalashtirish mexanizmlarini soddalashtirish, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga qulay shart-sharoitlar yaratish yuzasidan takliflar bildirildi.
Tomonlar mazkur yo‘nalishda o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida ijobiy fikr bildirdilar hamda kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
Uchrashuv yakunida delegatsiya a’zolari “O‘zagrolizing” AJ tomonidan ilgari surilayotgan tashabbuslar va islohotlar hamda respublikamizda qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish borasida olib borilayotgan ishlarni yuqori baholadilar.