Fermerlar bilan ochiq muloqot: amaliy hamkorlik va taraqqiyot yo‘nalishlari.
“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida Surxondaryo viloyati fermerlari, Jamiyat rahbariyati hamda fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirokida “Fermerlar bilan ochiq muloqot: amaliy hamkorlik va taraqqiyot yo‘nalishlari” mavzusida navbatdagi onlayn uchrashuv Zoom platformasi orqali tashkil etildi.
Mazkur ochiq muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsad — fermerlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, ularning mavjud muammo va takliflarini tinglash, amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash hamda qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirishga qaratilgan dolzarb masalalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizing asosida yetkazib berish jarayonlarini takomillashtirish, texnik xizmat ko‘rsatish sifati, moliyalashtirish shartlari va mavjud imkoniyatlarni kengaytirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Shuningdek, fermerlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar muhokama qilinib, ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha tegishli yo‘nalishlar belgilab olindi.
Alohida ta’kidlanganidek, servis xizmatlarini ko‘rsatish hamda lizing xizmatlarini amalga oshirish jarayonlarida korrupsion holatlar yuzaga kelgan taqdirda, bu haqda zudlik bilan tegishli tartibda xabar berish zarurligi qayd etildi. Bu esa tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, xizmatlar sifati hamda ishonchliligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Jamiyat rahbariyati tomonidan fermerlar bilan ochiq va konstruktiv muloqot qilish, ularning ehtiyoj va talablarini inobatga olish “O‘zagrolizing” AJ faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.
Shu bilan birga, kelgusida ham hududlar kesimida bunday uchrashuvlarni muntazam tashkil etish orqali tizimli muammolarni tezkor hal etish va o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish rejalashtirilayotgani qayd etildi.
Batafsil.
![]()




