Hosil poydevori aniq agrotexnologiya asosida quriladi.
Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Kattaqo‘rg‘on kelajagi” fermer xo‘jaligiga qarashli dala maydonlarida agrotexnik tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Umumiy yer maydoni 82 gektarni tashkil etuvchi xo‘jalikning 14 gektarida chigit “Shinjon” agrotexnologiyasi asosida ekilgan. Jarayon davomida chigit ekishda belgilangan agrotexnik me’yorlarga qat’iy rioya qilish yuqori hosilning muhim omili ekani alohida qayd etildi.
Shuningdek, xorijiy navlar ekilayotgan maydonlarda dala chetidan 11 metrlik hududda mahalliy navlardan himoya zonasi tashkil etilishi zarurligi ta’kidlanmoqda. Ushbu yondashuv biologik xavfsizlikni ta’minlash bilan birga hosildorlik barqarorligini saqlashga xizmat qiladi.
Xo‘jalikka qarashli yana 7 gektarlik maydonda chigit ekish ishlari ikki xil usulda olib borilmoqda: 3,5 gektarda oq plyonka, qolgan qismida esa rangli plyonka ostida ekish amalga oshirilmoqda. Bu esa turli agrotexnologiyalarning samaradorligini amaliy jihatdan solishtirish imkonini beradi.
Dala sharoitida o‘tkazilayotgan ishlarda seyalkalarni to‘g‘ri sozlash, ekish jarayonida qo‘shqator oralig‘iga ortiqcha tuproq tashlamaslik kabi muhim jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qo‘shqator ustiga tuproq tortish noto‘g‘ri amaliyot ekani, qatorlar ochiq qolishi chigitlarning quyosh nuri ta’sirida tez va bir maromda unib chiqishini ta’minlashi ta’kidlanmoqda.
Rangli plyonkaning qo‘llanilishi tuproq haroratini tartibga solish, namlikni saqlash hamda nihollarning barqaror rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan izohlanadi.
Har bir qarich yerdan samarali foydalanish, agrotexnik tadbirlarni ilmiy asosda tashkil etish va aniq rejalashtirish yuqori natijalar garovi hisoblanadi.
![]()




