Chigit ekish sifati va sur’atini oshirish — dolzarb vazifa.
Bugungi mehnat va sa’y-harakatlar ertangi hosil taqdirini belgilaydi. Shu bois Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida fermerlar har bir daqiqadan unumli foydalanib, qishloq xo‘jaligi ishlarini yuqori sur’atlarda va uyushqoqlik bilan olib bormoqda.
Hududdagi “Do‘stlik” hamda “Namuna” MMTP tasarrufidagi fermer xo‘jaliklarida bahorgi dala ishlari ayni qizg‘in pallaga kirgan. Xususan, “Sitorabonu oltin boshoqlari”, “Murodxon Kosonsoy” va “Namuna serhosil” fermer xo‘jaliklarida chigit ekish jarayonlari izchil va belgilangan agrotexnik talablarga muvofiq tashkil etilmoqda.
Mazkur maydonlarda chigit ekish ishlari 76×10 sxema asosida qo‘shqator usulida olib borilayotgani e’tiborga molik. Ushbu usul tuproqdan samarali foydalanish, nihollarning bir tekis va sog‘lom unib chiqishini ta’minlash bilan birga, keyingi parvarishlash ishlarini ham yengillashtiradi. Natijada hosildorlik ko‘rsatkichlari oshishiga mustahkam zamin yaratiladi.
Dala ishlarida texnikalardan samarali foydalanish, xususan seyalkalarni to‘g‘ri sozlash, urug‘larning belgilangan chuqurlik va me’yorlarda ekilishi, qatorlar orasidagi masofaning aniq saqlanishi kabi muhim jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa nihollarning bir maromda rivojlanishi va vegetatsiya davrining muvaffaqiyatli kechishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, yer tayyorlash, chigit ekish ishlarini jadallashtirish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, har bir jarayonni aniq reja asosida tashkil etish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Har bir qarich yerga mas’uliyat bilan yondashish, ilmiy asoslangan usullardan foydalanish esa yuqori hosilning asosiy garovi hisoblanadi.
![]()




