Har qarich yerga ilmiy yondashish – samaradorlikning bosh omili.
Toshkent viloyatining urug‘chilikka ixtisoslashgan “Iskandarov Sardor taraqqiyot” MCHJga qarashli dala maydonlarida ish jarayonlari avjida.
Mazkur xo‘jalik tasarrufida jami 86 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, uning 35 gektarida zamonaviy agrotexnologiyalar asosida, xususan, qizil rangli plyonka ostiga “Shinjon” usulida chigit ekish ishlari olib borilmoqda. Ushbu yondashuv nafaqat hosildorlikni oshirish, balki suv va resurslardan oqilona foydalanish imkonini berishi bilan ham ahamiyatlidir.
Shu munosabat bilan, dala maydonida fermerlar, mutaxassislar va mas’ullar ishtirokida amaliy seminar tashkil etilib, zamonaviy paxtachilikda agrotexnik talablarning muhim jihatlari atroflicha muhokama qilindi hamda bevosita dala sharoitida amaliy tavsiyalar berildi.
Seminar davomida “Shinjon” agrotexnologiyasining afzalliklari, uning tanlanish sabablari hamda rangli plyonkalardan foydalanishning ilmiy va amaliy asoslari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, tomchilatib sug‘orish tizimini to‘g‘ri joylashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar tomonidan shlanglarni yon qatorlarga emas, aynan qo‘shqator o‘rtasiga o‘rnatish zarurligi ta’kidlandi. Bu usul suv va o‘g‘itlarning teng taqsimlanishini ta’minlab, o‘simliklarning to‘liq oziqlanishiga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, plyonkaning ikki tomonini zich yopish, ekishdan avval yer maydonini mukammal tekislash kabi oddiy ko‘ringan, ammo hosildorlikka bevosita ta’sir qiluvchi agrotexnik talablar ham alohida qayd etildi.
![]()




