Norin dalalarida ilk ishlov jarayonlari: texnika va tajriba uyg‘unligi.
Bu yilgi mavsumga Namangan viloyatining Norin dalalarida zamonaviy yondashuvlar va ilg‘or agrotexnologiyalar asosida kirishildi. Plyonka ostiga chigit ekish usuli yer haroratini barqaror saqlash, nihollarni tez va bir tekis undirib chiqish hamda suv sarfini kamaytirish orqali hosildorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruh “Oq oltin” MMTP hududidagi “Vodiy baraka” klasterida unib chiqqan g‘o‘zaga birinchi ishlov berish jarayonini joyiga chiqib ko‘zdan kechirdi. Tashrif davomida sohaga oid mutaxassislardan iborat ishchi guruh tomonidan kultivator ishchi organlarini belgilangan talablar darajasida sozlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Norin tumanida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish ishlari ham izchil kengaymoqda. Xususan, o‘tgan yilda 350 gektarda joriy etilgan tomchilatib sug‘orish tizimi joriy yilda 1607 gektarga yetkazilib, 41 ta fermer xo‘jaligini qamrab olishi rejalashtirilgan.
Mazkur jarayonlarda “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati Namangan viloyat filiali rahbari ham faol ishtirok etib, qishloq xo‘jaligida texnika va agrotexnologiyalar samaradorligini oshirish, zamonaviy mexanizatsiya vositalaridan unumli foydalanish hamda fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar yuzasidan fikr va tavsiyalarini bildirdi.
Shuningdek, yer unumdorligini oshirish va infratuzilmani yaxshilash maqsadida dala chetlariga mevali ko‘chatlar ekish, suv inshootlarini mustahkamlash ishlari ham tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
![]()




