Seyalka sozligi va ilmiy yondashuv — yuqori hosil omili.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida joylashgan N.Otabek fermer xo‘jaligida dala ishlarining muhim bosqichi — urug‘lik chigit ekish jarayonlari zamonaviy agrotexnik yondashuvlar asosida tashkil etilmoqda.
Jami 50 gektar yer maydoniga ega xo‘jalikda joriy mavsumda 15 gektar maydonga plyonka ostiga chigit ekish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni paytda ekish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda.
Jarayonlarda texnikalardan samarali foydalanish, xususan, seyalkalarni aniq sozlash, agregatlarni to‘g‘ri ishlatish hamda qator oralig‘i me’yorlarini saqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ekish jarayonida qo‘shqator orasiga ortiqcha tuproq tashlamaslik kabi muhim jihatlar amaliyotda qo‘llanilmoqda.
Mazkur jarayonlarda “O‘zagrolizing” AJ tomonidan yetkazib berilgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarining o‘rni beqiyos bo‘lib, ular dala ishlarining sifatli va qisqa muddatlarda bajarilishiga xizmat qilmoqda. Texnikalarning to‘g‘ri sozlanishi va samarali ishlatilishi esa yuqori hosildorlikning muhim omili sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Mutaxassislar tomonidan har bir agrotexnik tadbirni ilmiy asosda tashkil etish, qatorlar orasidagi masofani me’yorida saqlash va ekish texnologiyalariga qat’iy rioya qilish zarurligi ta’kidlanmoqda. Bunday yondashuv hosildorlikni oshirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Beruniy tumanida olib borilayotgan bu kabi ishlar zamonaviy paxtachilik madaniyatining shakllanayotganidan dalolat berib, ilg‘or texnologiyalar va samarali hamkorlik natijasida yuqori natijalarga erishish mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Loading

//