Samarali g‘o‘za parvarishi – yuqori hosil garovi.
Pop tumanida joylashgan “Pop olmos gavhari” fermer xo‘jaligida g‘o‘za parvarishiga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi. Tadbirda soha mutaxassislari, tajribali fermerlar hamda qishloq xo‘jaligi tizimi vakillari ishtirok etib, dala sharoitida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Seminar davomida g‘o‘za yetishtirishda muhim o‘rin tutadigan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar tomonidan o‘simliklarning to‘g‘ri rivojlanishini ta’minlash, vegetatsiya davrida agrotexnik xizmatlarni ilmiy asosda tashkil etish, yer unumdorligini saqlash va hosildorlikni oshirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Xususan, zararkunandalarga qarshi kurashishning zamonaviy usullari, jumladan, biologik himoya choralarini keng qo‘llash muhimligi ta’kidlandi. Ildiz qurtiga qarshi trixogramma qo‘llash, feromon tutqichlardan samarali foydalanish, shuningdek, suspenziya ishlari va kimyoviy ishlov berish jarayonlarini belgilangan me’yorlar asosida olib borish yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. Bu esa ekinlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish bilan birga, hosil sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, seminar doirasida qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish maqsadida ipak qurti parvarishi bo‘yicha ham amaliy ko‘rsatmalar berilib, bu yo‘nalishda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tumanda joriy yilda 6829 gektar maydonga chigit ekish ishlari to‘liq yakunlangan bo‘lib, ayni paytda g‘o‘za parvarishining birinchi kompleks agrotexnik tadbirlari izchil amalga oshirilmoqda. Dalalarda olib borilayotgan bunday tizimli va ilmiy yondashuvga asoslangan ishlar kelgusida mo‘l va sifatli hosil yetishtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.
![]()




