MATBUOT XABARNOMASI
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatining 2021-yildagi faoliyati yakunlari va 2022-yil uchun belgilangan ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Matbuot anjumanida “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi Nodir Otajonov yig‘ilganlarga jamiyat faoliyati to‘g‘risida umumiy tushuncha berdi va quyidagilarga to‘xtalib o‘tdi:
Jamiyat, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktyabrdagi 486-sonli Qarori asosida “O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” aksiyadorlik lizing kompaniyasi nomi bilan tashkil etilgan bo‘lib, 22 yildan ortiq vaqt davomida O‘zbekiston lizing bozorida o‘z sohasida yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda.
Jamiyatning asosiy faoliyat turi – qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va ularga xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarga lizing asosida zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berishdan iborat.
Butun faoliyat davomida jamiyat tomonidan qariyb 86 mingdan ortiq turli qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizingga yetkazib berilgan, shundan 70 mingtasi lizing oluvchilar tomonidan mulk qilib olingan.
Jamiyatning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda hududiy filiallari mavjud bo‘lib, malakali mutaxassislar bilan ta’minlangan, lizing faoliyatini amalga oshirish uchun barcha sharoitlar mavjud, filiallarda lizing oluvchilar uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.
Bundan tashqari jamiyat tarkibida g‘alla kombaynlari va yuqori unumli traktorlar lizingiga ixtisoslashgan “O‘zmashlizing” MChJ, lizingga berilgan texnikalarga servis xizmati ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan “Lizing texnika servis” MChJ, hamda lizing xizmatlarini avtomatlashtirish va raqamlashtirishga ixtisoslashgan “Lizing axborot texnologiyalari” MChJlar faoliyat olib bormoqda.
Bugungi kunda jamiyat tomonidan lizing operatsiyalarini amalga oshirishda imtiyozli va maqbul shartlar belgilanganligi sababli respublika qishloq xo‘jaligiga yetkazib berilayotgan texnikalarning 75 foizi “O‘zagrolizing” AJ hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Jamiyat asosan mahalliy ishlab chiqaruvchilar, xususan “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi”, “Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi”, “Agregat zavodi”, “Texnolog”, “Urganchkormmash” aksiyadorlik jamiyatlari, “Uz Claas Agro”, “Uz Case mash”, “Lemken Chirchiq”, “Agrixim” MChJ qo‘shma korxonalari texnikalarini lizing asosida yetkazib berishda hamkorlik qilib kelmoqda.
Respublika qishloq xo‘jaligi korxonalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalasi davlatimizning doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda, bunda lizing va yoki bank krediti asosida xarid qilingan qishloq xo‘jaligi texnikalariga davlat tomonidan imtiyozlar muhim o‘rin tutadi. Xususan:
O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan barcha turdagi traktorlarga, traktor tirkamalari, yarim tirkamasi va osma texnikalarni sotib olingan qishloq xo‘jaligi korxonalarga lizing yoki kredit foizining 10 punktdan ortiq qismiga subsidiya ajratilishi belgilangan;
Ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikasi mahalliylashtirish darajasi 20 foizdan kam bo‘lmaganda, 15 foiz miqdorida subsidiya qo‘llanishi belgilangan.
Jamiyat tomonidan 2021-yildagi faoliyati davomida lizing oluvchilarga 632,7 mlrd. so‘mlik 4572 dona, yoki 2020-yilga nisbatan 120 foizga ko‘p qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizingga yetkazib berilgan.
Jumladan, 238,1 mlrd. so‘mlik 160 dona g‘alla o‘rish kombaynlari, 13,3 mlrd. so‘mlik 39 dona paxta terish mashinalari, 61,9 mlrd. so‘mlik 241 dona chopiq traktorlari, 15,0 mlrd. so‘mlik 338 dona kultivatorlar, 29,6 mlrd. so‘mlik 1521 dona purkagichlar va 24,7 mlrd. so‘mlik 191 dona chorvachilik sohasi texnikalari lizingga berilgan.
Jamiyat tomonidan lizingga berilgan texnikalar sozligi va butligini doimiy ravishda texnik monitoring qilib borish va lizing to‘lovlaridan qarzdorlikni undirish 2021-yil davomida jami 19 mingdan ortiq lizing ob’ektlari texnik monitoringdan o‘tkazilgan;
lizing to‘lovlaridan kelib tushgan mablag‘lar 859,0 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2020-yilga nisbatan 281,0 mlrd. so‘m yoki qariyb 150 foizga oshgan.
Debitor qarzdorlik 2022-yil 1-yanvar holatiga 224,3 mlrd. so‘mni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 11,2 mlrd. so‘mga kamayishiga erishilgan.
Jamiyat faoliyatining moliyaviy ko‘rsatgichlariga bo‘yicha bugungi kun holatiga lizing portfeli qoldig‘i 1 trln. 750 mlrd. so‘mni tashkil etishi ma’lum qilindi.
Lizing to‘lovlari bo‘yicha kelib tushgan mablag‘lar hisobidan tijorat banklariga 350,7 mlrd. so‘m, Moliya vazirligi huzuridagi Jamg‘armaga 197,3 mlrd. so‘m, ishlab chiqaruvchi korxonalarga 207,2 mlrd. so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
Lizingga berilgan texnikalarni moliyalashtirish uchun:
– Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 166,7 mlrd. so‘m;
– bank kreditlari hisobidan 152,7 mlrd. so‘m;
– o‘z mablag‘lari hisobidan 120,0 mlrd. so‘m, jami 439,4 mlrd. so‘m mablag‘ jalb etilgan.
Jamiyat o‘z faoliyati natijalariga ko‘ra 2020-yilda 15,3 mlrd. so‘m sof foyda olgan bo‘lsa, 2021-yil yakunlariga ko‘ra bu ko‘rsatgich 20,4 mlrd. so‘mni tashkil etgan, 2022-yildagi faoliyatdan esa 22 mlrd. so‘m sof foyda olish rejalashtirilmoqda.
2022-yilda ham qulay lizing shartlarida qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berish ishlari tizimli ravishda davom ettirilishi ta’kidlandi.
Prezidentimizning tashabbuslari va farmoni bilan tasdiqlangan “2022-2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot Strategiyasi”da qishloq xo‘jaligini rivojlantirishiga alohida e’tibor qaratilgan va shundan kelib chiqqan holda joriy yilda lazerli yer tekislagichlar, sholichilik uchun maxsus texnikalar, paxta terish mashinalari va g‘alla o‘rish kombaynlari, yuk mototelejkalari va sabzavotchilik uchun maxsus agregatlar, chorvachilik sohasidagi texnikalarni lizing asosida yetkazib berish joriy yil uchun ustuvor vazifa qilib belgilab olingan.
Bundan tashqari, “O‘zagrolizing” AJ tomonidan meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va saqlash texnikalari, chorvachilik va bog‘dorchilik texnikalari, innovatsion issiqxonalar lizingi, tayyor bog‘lar lizingi, xizmat ko‘rsatish va servis sohasi lizingi kabi yangi yo‘nalishlarda faoliyatni kengaytirish choralari ko‘rilmoqda.
2022-yil davomida Jamiyat tomonidan qishloq xo‘jalik korxonalariga 5 160 dona 1 101,5 mlrd. so‘mlik qishloq xo‘jaligi texnikalari lizing asosida yetkazib berish rejalashtirilgan.
Jamiyatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida ham muayyan ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlandi.
Jumladan, davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun talablari asosida “SQB SECURITES” MCHJ konsalting kompaniyasi jalb etilgan, bozor tamoyillari asosida Jamiyatning 12 ta yo‘nalishi bo‘yicha iqtisodiy ko‘rsatkichlari tahlil etilib, 88 foiz ko‘rsatkich yoki “AA+” yuqori reyting ko‘rsatkichiga ega bo‘lingan, hozirda “LPB Capital” (Litva) xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan Jamiyatning xalqaro reytingini belgilash hamda xalqaro bozorda obligatsiyalar (yevrobond) chiqarish hisobiga 50-100 mln. dollar mablag‘lar jalb qilinishi bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu maqsadda, dunyo bozorida kuchli oltilikka kirgan “Grant Thornton” xalqaro audit kompaniyasi tomonidan Jamiyatning 2019-2021-yillar faoliyati xalqaro auditdan o‘tkazilmoqda.
Xalqaro auditorlik xulosalari natijasiga ko‘ra xorijiy moliyaviy institutlar va banklar bilan hamkorlik qilish asosida joriy yilning may-iyun oylarida mazkur mablag‘lar jalb etilishi rejalashtirilganligi bildirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6079-son Farmoni doirasida joriy yilning may oyi yakuniga qadar “Qishloq xo‘jaligi korxonalariga lizing asosida yetkazib beriladigan texnikalar uchun mobil ilova dasturini yaratish” loyihasi to‘liq ishga tushirilishi ma‘lum qilindi.
Natijada lizing oluvchilar lizingga berilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari bo‘yicha barcha ma’lumotlar bilan tanishish, lizing shartnomalari bo‘yicha qarzdorligi bo‘yicha ma’lumot olish va qarzdorlikni so‘ndirish, texnikani lizingga olish uchun onlayn talabnoma berish, avans mablag‘ini to‘lash, onlayn navbatga yozilish kabi imkoniyatlarga ega bo‘lishadi.
Bundan tashqari jamiyatda buxgalteriya hisobi va hisobotni yuritish, shuningdek hujjatlar aylanishi tizimi avtomatlashtirilgan bo‘lib, natijada moliyaviy tahlil va ijro intizomini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishiga erishilganligi ta’kidlandi.
Lizingga yetkazib berilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun GPS-monitoring uskunalari bilan jihozlash bo‘yicha 2021-yilda boshlangan amaliy ishlar davom ettirilib, yil yakuniga qadar o‘ziyurar lizing obyektlarini mazkur tizimga to‘liq ulanishi rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga jamiyat tomonidan muntazam ravishda asosiy faoliyatdan tashqari ijtimoiy loyihalarga ham alohida e’tibor qaratilayotganligi bildirildi va 2021-yilda amalga oshirilgan homiylik ishlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berildi.