Paxta terim jarayonlari samarali tashkil etilmoqda.

Kuz fasli kirib kelishi bilan mamlakatimiz hududida paxta yig‘im-terim mavsumi uyushqoqlik va belgilangan tartib asosida boshlandi. Hozirgi kunda barcha hududlarda, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham paxtani o‘z vaqtida va sifatli yig‘ib olish maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Beruniy tumanida joylashgan fermer xo‘jaliklarida ham paxta terim jarayonlari qizg‘in davom etmoqda. Xususan, Abay ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi “Niyatullo Azizbek” fermer xo‘jaligining 65 gektarlik paxta dalasida “Xitoy” navi ekilib, bugungi kunda terim mashinalari ishga tushirilgan. Mazkur texnikalar kuniga 20–24 tonnagacha paxta terib olish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu jarayon nafaqat ishchi kuchi, balki moliyaviy resurslarni ham sezilarli darajada tejash imkonini bermoqda.
Shu bilan birga, paxta terimining mexanizatsiyalashuvi hosilni qisqa muddatlarda yig‘ib olish, paxtaning sifatini saqlab qolish va nobudgarchilikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Eng asosiysi, hosilning sovuq kunlarga qolib ketmasdan o‘z vaqtida yig‘ib-terib olinishi fermer xo‘jaligi faoliyatida yuqori natijalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Paxta terimini tashkil etish jarayonida barcha zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ushbu ishlar yurtimiz qishloq xo‘jaligi salohiyatini oshirish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish hamda mamlakat iqtisodiyotiga munosib hissa qo‘shishga xizmat qilmoqda.

Loading

//