“O‘zagrolizing” AJ va Xitoyning SINOSURE kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatiga Xitoy Eksport va Kredit Sug‘urtasi Korporatsiyasi — “China Export & Credit Insurance Corporation (SINOSURE)”ning Shinjon provinsiyasi bo‘yicha mas’ul rahbari boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan keldi.
Tashrif doirasida “O‘zagrolizing” AJ va SINOSURE vakillari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda Jamiyat Boshqaruvi raisi o’rinbosari A. Nasirdinov boshchiligidagi ishchi guruh ishtirok etdi. Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro hamkorlikning dolzarb jihatlarini atroflicha ko‘rib chiqdilar va istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashdilar.
Uchrashuvda, ayniqsa, Xitoy Eksport-import banki (EXIMBANK) tomonidan moliyalashtirilishi rejalashtirilayotgan paxta terim mashinalari yetkazib berish loyihasida SINOSURE kompaniyasining eksport kreditlarini sug‘urtalash xizmatlari muhim bo‘g‘in sifatida ishtirok etishi ta’kidlandi. Mazkur loyiha doirasida “O‘zagrolizing” AJ Xitoyning ilg‘or ishlab chiqaruvchilari bilan hamkorlikda zamonaviy texnikalarni respublika hududlariga yetkazish va fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.
Muzokaralar davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan quyidagi yo‘nalishlarda yaqindan ishlash bo‘yicha kelishib oldilar:
Xitoy texnikalari uchun eksport kreditlarini sug‘urtalashni yo‘lga qo‘yish;
“O‘zagrolizing” AJ ishtirokidagi xalqaro loyihalarning moliyaviy risklarini boshqarish;
SINOSURE axborot va tahliliy xizmatlaridan foydalanish orqali xorijiy yetkazib beruvchilarni baholash va tavakkalchiliklarni tahlil qilish;
Investitsiyaviy kafolatlar va xalqaro sug‘urtalash mexanizmlarini jalb qilish.
Delegatsiya “O‘zagrolizing” AJ faoliyatining moliyaviy, huquqiy va lizing yo‘nalishlari bilan tanishdi. Jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, fermer xo‘jaliklarini texnika bilan ta’minlash va lizing xizmatlarini takomillashtirish borasidagi ishlar yuqori baholandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, “Bir kamar – bir yo‘l” tashabbusini qo‘llab-quvvatlovchi qo‘shma loyihalarda ishtirok etish, texnologik yechimlar va moliyaviy mexanizmlarni qo‘shma ravishda rivojlantirish borasida o‘zaro kelishuvga erishdilar.