Namanganda qishloq xo‘jaligi texnikalarini saqlovga olish bo‘yicha seminar o‘tkazildi.
Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida 2025-yilgi paxta va g‘alla yig‘im-terimi mavsumida foydalanilgan paxta terish mashinalari hamda don o‘rish kombaynlarini “Saqlov qoidalari” asosida saqlovga olish bo‘yicha ko‘rgazmali o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda “O‘zagrolizing” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari A. Nasirdinov, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari S. Nishanbayev, soha mutaxassislari, shuningdek Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari hokimliklarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha mas’ul rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda “O‘zagrolizing” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari A. Nasirdinov tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalarini mavsumdan keyin sifatli saqlash, ularning texnik sozligini ta’minlash va keyingi mavsumga puxta tayyorlash bo‘yicha jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Seminar ishtirokchilariga Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Milliy tadqiqotlar universiteti dotsenti, texnika fanlari nomzodi Usmon Berdimurodov hamda Toshkent davlat agrar universiteti professori, texnika fanlari nomzodi Alisher Rajabov tomonidan “Saqlov qoidalari” bo‘yicha nazariy va amaliy tushunchalar taqdim etildi.
Tadbir davomida “O‘zagrolizing” AJ mutaxassislari tomonidan texnikalarni saqlovga olish jarayonida nazorat tizimini takomillashtirish, amaliy yordamni kuchaytirish hamda mavsumlar oralig‘ida texnik xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Shuni ta’kidlash joizki, “O‘zagrolizing” AJ respublikamizning barcha hududlarida fermer xo‘jaliklari va tashkilotlarga qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berish, ularning texnik tayyorgarligini ta’minlash hamda saqlov jarayonlarini tizimli tashkil etishda faol ishtirok etib kelmoqda.
![]()




