Navbatdagi seminar Sirdaryo viloyatida tashkil etildi.

Respublika hududlarida qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish hamda fermer xo‘jaliklarida mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan amaliy seminarlar izchil davom etmoqda. Navbatdagi seminar Sirdaryo viloyatida tashkil etilib, unda paxtachilik tarmog‘iga zamonaviy texnika va innovatsion yechimlarni keng joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir doirasida “Fergana Swan Cotton Industrial Machinery Stoc Co” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan “Swan” rusumli paxta terish mashinasining amaliy taqdimoti o‘tkazildi. Seminar jarayonida paxta terimini mexanizatsiyalash, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda ilg‘or texnikalardan samarali foydalanish imkoniyatlari joylarda amaliy tarzda namoyish etildi.
Ishlab chiqaruvchi korxona mutaxassislari tomonidan mazkur texnikaning asosiy texnik ko‘rsatkichlari, terim aniqligi, yoqilg‘i tejamkorligi, xizmat ko‘rsatish qulayligi hamda turli agroiqlim sharoitlarida barqaror ishlash imkoniyatlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, ushbu texnikani respublika qishloq xo‘jaligi tizimiga keng joriy etish, jumladan, lizing mexanizmlari orqali yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.
Seminarda hududiy hokimliklar va qishloq xo‘jaligi boshqarmalari mas’ullari, Agrosanoat majmuasi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi vakillari, “O‘zagrolizing” AJning hududiy filiallari rahbariyati hamda paxta va g‘allachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan taqdim etilgan texnikaning amaliy ahamiyati, uni ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish istiqbollari yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.

Loading

//