G‘alla o‘rimiga tayyorgarlik: asosiy e’tibor — tizim, texnika va samaradorlikka.

Namangan tumani Markaziy MTPsida g‘alla o‘rim-yig‘imi mavsumiga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda hosilni nest-nobud qilmasdan, qisqa muddatlarda va yuqori sifat bilan yig‘ib olish, texnikalarni mavsumga puxta tayyorlash hamda o‘rim jarayonlarini tizimli tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Seminarda so‘zga chiqqan mutasaddilar bugungi kunda agrar sohada samaradorlikni oshirishda zamonaviy texnika va to‘g‘ri boshqaruv muhim omil ekanini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, o‘rim mavsumida har bir texnikaning soz holatda ishlashi, yonilg‘i-moylash mahsulotlari zaxirasining yetarliligi hamda ishlarni aniq reja asosida tashkil etish hosilni talafotlarsiz yig‘ib olishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Shuningdek, seminar davomida kombaynchilar va mexanizatorlarning mehnatini munosib rag‘batlantirish, ularga oylik ish haqlarini o‘z vaqtida yetkazish, xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu borada klaster va mas’ul tashkilotlar zimmasiga muhim vazifalar yuklatildi.

Bugungi kunda Namangan tumanida 140 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 5160 gektar maydonda bug‘doy parvarish qilinmoqda. Mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida 18 ta o‘rim kombayni hamda zarur qishloq xo‘jaligi texnikalari to‘liq texnik ko‘rikdan chiqarilib, mavsumga shay holatga keltirildi.

Seminar doirasida texnikalarning amaliy ko‘rgazmasi ham tashkil etilib, ularning ishlash samaradorligi, ehtiyot qismlar ta’minoti va servis xizmatlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Bu jarayonda “O‘zagrolizing” AJ tomonidan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini zamonaviy va unumdor texnikalar bilan ta’minlash, texnikalarni lizing asosida yetkazib berish hamda servis xizmatlarini kengaytirish borasida olib borilayotgan ishlar alohida e’tirof etildi.

Ta’kidlanganidek, zamonaviy kombayn va qishloq xo‘jaligi texnikalaridan samarali foydalanish nafaqat hosilni qisqa muddatda yig‘ib olish, balki don sifati va iqtisodiy samaradorlikni oshirishga ham xizmat qiladi. Shu bois texnik parkni muntazam yangilab borish va fermerlarni ilg‘or texnologiyalar bilan qo‘llab-quvvatlash bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.

Loading

//