Davlat dasturi mazmun-mohiyatini keng targʻib qilishga qaratilgan siyosiy-ma’rifiy soat tashkil etildi

Bugun, 2022-yil 4-mart Juma kuni Jamiyatning katta majlislar zalida Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi, shuningdek, 2022-yil – Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Davlat dasturi mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilishga qaratilgan siyosiy-ma’rifiy soat bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Jamiyatning Ijroiya apparati hamda tizim korxonalari xodimlari joylardan va ZOOM platformasi orqali ishtirok etishdi.

Tadbirni “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi Nodir Sobirovich Otajonov ochib berib, yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdilar.

Ushbu anjuman mavzusining mazmun-mohiyatini keng yoritib berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Baratov Mirodiljon Xomudjonovich mehmonimiz bo‘ldilar.

Mirodiljon Xomudjonovich, Davlatimiz rahbarining o‘tgan 2021-yil saylovoldi dasturlari doirasida hududlardagi tashriflarida “Inson qadri uchun” tamoyilini barcha islohotlar bosh mezoni sifatida belgilanganliklari va bugungi kunda Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili Davlat dasturi bo‘yicha amalga oshirilib kelinayotgan va kelgusida rejalashtirilayotgan ishlar va bunda “Davlat – inson uchun” degan ezgu g‘oyani hayotga tatbiq etish maqsadida 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining ishlab chiqilganligi hamda bunda bevosita xalqimiz bilan maslahatlashib, fikr va takliflar asosida tayyorlanganligini aytib o‘tdilar.

Taraqqiyot strategiyasida 7 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha “Inson qadri uchun 100 ta maqsad” belgilab olinganligi va ushbu maqchadlarni amalga oshirishda har bir fuqaro yurtning ravnaqi uchun astoydil va intizomli harakat qilishi kerakligini ta’kidladilar.

Siyosiy-ma’rifiy soat ko‘tarinki ruhda o‘tib, har bir xodimda ijobiy taassurot qoldirdi.

Tadbir yakuni bo‘yicha Jamiyat Boshqaruvi raisi shu kabi ma’rifiy soatlarni ko‘paytirish, Mirodiljon Xomudjonovichni keyingi bo‘lib o‘tadigan anjumanlarda ham ishtirok etib, sermazmun dasturlari bilan Jamiyat xodimlari siyosiy ongini yanada o‘stirishda ko‘makchi bo‘lishlarini so‘rab taklif qildilar.

“O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati Mirodiljon Xomudjonovichga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.

“O‘zagrolizing” AJ Matbuot xizmati

Loading

//