Qishloq xo’jaligini modernizatsiya qilish soha rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.
Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash bugungi kunda mamlakatimiz agrar sohasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Aynan shu maqsadda “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida agrologistika sohasiga oid muhim muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va iste’molchilarga yetkazib berish jarayonlarini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur muzokaralarda, Jamiyat Boshqaruv raisi N.Otajonov boshchiligida Rossiyaning agrologistika yo‘nalishida faoliyat yurituvchi kompaniyasi – “Ultimate Agrologistic” MCHJ asoschilari Aleksey Petrov, Lev Shpakov va Mirzaakbar Ikramovlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda tomonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish, ularga bo‘lgan ichki va tashqi bozordagi talabni qondirish uchun lizing asosida logistika tizimini yanada takomillashtirish masalalariga alohida to‘xtaldilar.
Xususan, zamonaviy agrologistika markazlarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va tashish jarayonlarida innovatsion yechimlardan foydalanish, mahsulotlar sifatini saqlash va yo‘qotishlarning oldini olish borasida xalqaro tajribalar o‘rganildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va qishloq xo‘jaligida logistik infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
Mazkur hamkorlik mamlakatimiz agrar sektorini yanada taraqqiy ettirishga, fermer va tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.