KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH – DAVLAT VA JAMIYAT YANGILANISHIDA MUHIM OMIL!

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan bo‘lib, bu borada izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan kuni kecha “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga qarshi kurash mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori, adliya maslahatchisi Adxamov Anvar Adxamovich ishtirok etib, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar hamda kelgusidagi vazifalar xususida batafsil ma’lumot berdi. Davra suhbatida korrupsiyaning oldini olish, huquqiy ong va tafakkurni yuksaltirish, shaffoflikni ta’minlash, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat idoralari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha amaliy mexanizmlarni takomillashtirish muhimligi ta’kidlandi. Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar tahlil qilinib, mamlakatimiz sharoitiga mos keluvchi usullarni joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, 5-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishi doirasida, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish, davlat organlarining ochiqligini ta’minlash va xalq bilan bevosita muloqotni kuchaytirish masalalariga ham urg‘u berildi.

Loading

//