Qumqo‘rg‘onda 76 sxema asosida xorijiy g‘o‘za chigitlari ekilmoqda.

Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Alpomish o‘g‘lonlari” fermer xo‘jaligiga qarashli 12 gektarlik dala maydonida chigit ekish ishlari boshlab yuborilgan. Mazkur dalada 76 sxema asosida, qo‘shqator qilib, plyonka ostiga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini qo‘llagan holda xorijiy g‘o‘za chigitlari ekilmoqda.
Fermer xo‘jaligi rahbari yillar davomida bir xil g‘o‘za navi ekib kelayotganini va buning natijasi o‘laroq hosildorlik yildan yilga pasayib ketayotganligini ta’kidlab o‘tdi. Bugun esa, zamon bilan hamnafas bo‘lgan holda, yangi nav, yangicha agrotexnologiyani o‘z dalalarida tajriba tariqasida joriy etishdan manfaatdor ekanligini aytib o‘tdi.
“Chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmas” degan maqol bor xalqimizda. Bugun eskicha qarash, eskicha yondashuv bilan emas, balki yangicha agrotexnologiyalar, yangidan yangi navlarni dalalarimizga joriy etishimiz kerak. Biz fermer va dehqonlar doimo yangilikka intilib yashamog‘imiz darkor…” deydi fermer xo‘jaligi rahbari Qurbon Choriyev.
Xorijdan olib kelingan baraka urug‘larining unib-o‘sishini, shuningdek bu maydonda agrotexnik tadbirlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirishni nazorat qilishdan asosiy maqsad esa, avvalo paxtadan yuqori hosildorlikka erishishdir.
Buning uchun esa, paxtani almashlab ekish, xorijdan yangi urug‘lik chigit olib kelib, sinash va ularni parvarishlash bizning bosh maqsadimizga aylanmog‘i darkor.
Ma’lumot o’rnida, genetik jihatdan o’zgartirilgan xorijiy va an’anaviy mahalliy g’o’za navlarini intensiv usulda yetishtirish agrotexnologiyasi bo’yicha uslubiy qo’llanma ishlab chiqilgan bo’lib, fermer xo’jaliklari va paxta-to’qimachilik klasterlari tomonidan genetik jihatdan o’zgartirilgan xorijiy va an’anaviy mahalliy g’o’za navlarini yuqori samarador yangi intensiv usulda yetishtirish agrotexnologiyalarini qo’llash tartibini belgilaydi.

Loading

//