O‘zbekiston – Avstraliya: istiqboldagi hamkorlik aloqalari muhokama qilindi.

Kuni kecha “O’zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatida xalqaro konsalting sohasida faoliyat yurituvchi Adamand Enterprises Pty Ltd kompaniyasi asoschisi Andrey Vladimirovich Vakulin ishtirokida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda Jamiyat Boshqaruvi raisi N. Otajonov rahbarligida kompaniya vakillari ham qatnashdi.
Uchrashuv davomida Adamand Enterprises Pty Ltd tomonidan chorvachilik sohasi bo‘yicha dunyo miqyosida amalga oshirilgan yirik loyihalar, xususan sovuq iqlimli hududlardagi (Rossiya — Bryansk, Novosibirsk va Voronej viloyatlari, Bashqirdiston, Tatariston; Qozog‘iston, Folklend orollari) muvaffaqiyatli tajribalari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Shuningdek, kompaniyaning Avstraliya, Yevropa, Osiyo, Afrika, Amerika va Yaqin Sharq davlatlarida olib borayotgan faoliyati, hamda yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari va soha assotsiatsiyalari bilan hamkorlikdagi ishlari muhokama qilindi.
Tomonlar O‘zbekistonda chorvachilik sohasini yanada rivojlantirish, texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va investitsiya jalb qilish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Adamand Enterprises Pty Ltd kompaniyasi tomonidan yuqori malakali xalqaro mutaxassislardan iborat ekspert guruhini jalb qilgan holda, “O’zagrolizing” AJ bilan hamkorlikda ishlashga tayyorligi bildirildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.

Loading

//