Farg‘onada g‘alla mavsumiga zamonaviy kombaynlar safarbar qilindi.

Farg‘ona viloyatida g‘alla o‘rim mavsumi oldidan qishloq xo‘jaligi texnikasi parki zamonaviy kombaynlar bilan to‘ldirildi. Jumladan, kuni kecha Bag‘dod tumanida joylashgan fermer xo‘jaliklariga 24 dona yuqori unumdor va energiya tejamkor g‘alla o‘rish kombaynlari topshirildi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Xayitbayevich, “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatining viloyat filial direktori hamda sohaga aloqador tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar. Ular tomonidan ushbu tashabbusning ahamiyati, kombaynlarning texnik va iqtisodiy samaradorligi borasida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Mazkur kombaynlar — “New Holland 5.90 4WD”, “Dominator 260” va “Case 4088” rusumli bo‘lib, ular Polsha va Xitoy davlatlarida ishlab chiqarilgan. “O‘zagrolizing” AJning Farg‘ona viloyati filiali tomonidan Jahon banki ishtirokidagi “Farg‘ona vodiysida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish” loyihasi doirasida ajratilgan mablag‘lar asosida ushbu texnikalar fermer xo‘jaliklariga imtiyozli lizing asosida yetkazib berildi.
Yangi texnikalarning afzalligi shundaki, ular zamonaviy GPS tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, bu esa o‘rim-terim ishlarining aniq va samarali bajarilishini ta’minlaydi. Shuningdek, ushbu kombaynlar g‘alla mavsumi tugagach, sholini o‘rib yig‘ib olishga moslashtirilishi mumkin, bu esa ularning ko‘p funksiyali va iqtisodiy jihatdan foydali ekanini ko‘rsatadi.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan kombaynlarning texnik imkoniyatlari, unumdorligi va ekspluatatsiya tartibi haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumotlar berildi. Qayd etilishicha, zamonaviy texnikalardan foydalanish bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasida mehnat unumdorligini oshirish, resurslar va vaqt tejamkorligini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Loading

//