Eron bilan hamkorlik.
Eron delegatsiyasining “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatiga tashrifi doirasida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va lizing sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Kuni kecha Eron Islom Respublikasining qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish, sanoat uskunalari yetkazib berish va agrosanoat majmualarini rivojlantirishga ixtisoslashgan yetakchi kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiyasi “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatiga rasmiy tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida Eron delegatsiyasi vakillari “O‘zagrolizing” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari A. Nasirdinov, shuningdek jamiyatning tegishli boshqarma rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, ayniqsa, qishloq xo‘jaligini texnik va texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, zamonaviy texnikalarni mamlakatimizga jalb etish, lizing asosida yetkazib berish va servis xizmatlarini yo‘lga qo‘yish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Delegatsiya tarkibida Eronning qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi yirik kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi. Xususan:
Hamid Reza Nami, “Sam Arian Machine Mana” kompaniyasi bosh direktori, ATMAK – Eron Qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilar uyushmasi raisi;
Sayed Hossein Sebt Rowzati, “Sabzdasht” kompaniyasining ijrochi direktori;
Vahid Hajmohammadi, “Sabzdasht” kompaniyasining eksport bo‘yicha menejeri;
Alireza Noroozi, “Norouzi Agricultural Machinery” kompaniyasi bosh direktori va bir qator soha vakillari bilan muzokaral olib borildi.
Muzokaralar davomida delegatsiya a’zolari O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasi, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb etish tartibi, lizing asosida texnika va texnologiyalarni taqdim etish tizimi bilan tanishtirildi. Shuningdek, ikki tomonlama manfaatli hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish, texnologik almashinuv, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy texnikalar montaji va servis xizmatlari bo‘yicha hamkorlik qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar o‘zaro aloqalarni mustahkamlash, Eron kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasini O‘zbekistonga olib kirish, hamda ularni “O‘zagrolizing” AJ orqali mahalliy fermer va agrosanoat subyektlariga lizing asosida taqdim etish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdilar.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasida strategik sheriklikni mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalar transferini amalga oshirish hamda ikki davlatning iqtisodiy aloqalarini chuqurlashtirishda muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Tashrif yakunida tomonlar hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish va tegishli ishchi guruhlar orqali aloqalarni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.