Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi texnikalari mavsumga tayyor holatga keltirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2025-yilning g’alla hosili uchun qishloq xo‘jaligi texnikalari to‘liq ta’mirlanib, mavsumga tayyor holatga keltirildi.
Xususan, 157 ta g‘alla o‘rish kombayni 100 foiz ta’mirlanib, mavsumga shay qilindi. Boshqa texnikalardan 510 ta yuk avtomobili, 1422 ta traktor tirkamasi, 158 ta ko‘chma ustaxona, 108 ta yoqilg‘i tashish transporti mavsumga tayyorlandi.
Joylarda qishloq xo‘jaligi texnikalarining mavsumga tayyorligi ko‘zdan kechirilib, tegishli vazifalar belgilanmoqda.
Kegeyli tumanida yuqori hosilli g‘alla o‘rish kombaynlarining g‘alla o‘rim-yig‘im ishlariga tayyorgarligi o‘rganilib, unda Agroinspeksiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i A.Aytjanov, tumandagi mas’ul rahbarlar va mutaxassislar, otryadlarga biriktirilgan xodimlar, shuningdek, 6 ta g‘alla o‘rish kombaynlarining operatorlari ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, ushbu tumanda 2025-yil hosili uchun 3970 gektar maydonga g‘alla ekilgan. Ushbu maydonlarda yetishtirilgan g‘allani yig‘ib-terib olish maqsadida 6 ta otryad tashkil etilib, ushbu otryadlar tarkibiga tumandagi mutasaddi tashkilotlar xodimlari jalb etildi. Otryadlarga 6 ta g‘alla o‘rish kombayni, zarur g‘alla tashish mashinalari biriktirildi.
Shumanay tumanida ham yetishtirilgan bug‘doy hosilini to‘liq va sifatli yig‘ib olish maqsadida kombaynlarning texnik holatini ko‘zdan kechirishga qaratilgan ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Unda tuman hokimi A.Ametov, Respublikadan biriktirilgan ishchi guruh a’zolari, tuman qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari va mexanizatorlar ishtirok etdi.
Seminar davomida soha mutaxassislari tomonidan g‘alla hosilini qisqa muddatlarda yig‘ishtirib olish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Kombaynlarning texnik holati, ularning ishlash mexanizmlari va xavfsizlik qoidalariga alohida e’tibor qaratildi.
G‘alla o‘rim-yig‘imida ishtirok etadigan barcha kombaynlarning texnik holati to‘liq tekshirilishi va zarur ta’mirlash ishlari o‘z vaqtida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Loading

//