O‘zagrolizing” AJda 2025-yilgi yillik umumiy aksiyadorlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Kuni kecha “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyatining yillik umumiy aksiyadorlar yig‘ilishi Jamiyat bosh ofisida bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda Jamiyatning aksiyadorlari, Kuzatuv kengashi a’zolari, Boshqaruv a’zolari, auditorlik tashkiloti vakillari hamda manfaatdor boshqa shaxslar ishtirok etdilar.
Yig‘ilish kun tartibiga muhim va strategik ahamiyatga ega bir qator masalalar kiritilgan bo‘lib, ular bo‘yicha atroflicha muhokamalar o‘tkazildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhokama etilgan asosiy masalalar quyidagilardan iborat bo‘ldi:
Jamiyatning 2024-yildagi moliyaviy-xo‘jalik faoliyati yakunlari va rivojlanish strategiyasiga erishish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar yuzasidan Boshqaruv raisi o’rinbosarining hisoboti eshitildi va aksiyadorlar tomonidan tasdiqlandi.
Shuningdek, Jamiyat tomonidan affillangan (bog‘liq) shaxslar bilan kelgusida tuziladigan bitimlarni tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda ushbu bitimlar ochiqlik va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish tamoyillariga asoslangan holda tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-fevraldagi PQ-67-sonli qarori doirasida tuziladigan yirik bitimlar bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Ushbu hujjat asosida “O‘zagrolizing” AJ tomonidan amalga oshiriladigan yirik investitsion va moliyaviy bitimlar aksiyadorlar tomonidan ko‘rib chiqilib, ularning mazmuni, shartlari va iqtisodiy samaradorligi baholab chiqildi.
Jamiyat Ustavining yangi tahriri tasdiqlandi.
Yangi tahrir zamonaviy korporativ boshqaruv standartlariga, amaldagi qonunchilikka va Jamiyatning strategik rivojlanish maqsadlariga mos ravishda ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, yig‘ilish doirasida Jamiyat faoliyatining samaradorligini oshirish, menejment tizimini takomillashtirish, axborot texnologiyalarini keng joriy etish, investorlar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish hamda davlat dasturlarini amalga oshirishdagi ishtirokni kengaytirish kabi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi. Qarorlarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ullar belgilandi va monitoring mexanizmlari joriy etildi.